AstraZeneca butun dunyo bo‘ylab o‘zining koronavirus vaksinasi uchun marketing ruxsatnomalarini qaytarib olishni boshladi. Kompaniya bu qadamni boshqa samaraliroq dorilarning ko‘pligi bilan izohladi. Ishlab chiqaruvchi avvalroq vaksinasi juda kamdan-kam hollarda trombozga olib kelishi mumkinligini tan olgandi.
Qo‘shma Shtatlar Isroilga 3500 ta bomba yetkazib berishni to‘xtatdi. AQSh hukumati Isroil bombalarni G‘azo sektori janubidagi 1 milliondan ortiq falastinlik qochqinlarga boshpana bo‘layotgan Rafah shahriga hujumda qo‘llashi mumkinligidan xavotirlangan.
Istanbul shahrida odam savdosi va firibgarlikda gumonlangan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olindi. U odamlarni AQShga yuborishni va’da qilib, ularning pullarini olib, ularni o‘zining shaxsiy manfaatlariga ishlatib yuborganlikda ayblanmoqda.
Xitoy raisi Si Szinpin Fransiyaga tashrifi davomida mamlakatning Rossiya bilan yaqin aloqada ekani bo‘yicha e’tirozlarni rad etdi. “Xitoy bu inqirozning sababchisi ham, tomoni ham, ishtirokchisi ham emas. Lekin biz kuzatuvchi ham emasmiz, tinchlikka erishish uchun doimo faol harakat qilganmiz”, — dedi u.
Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi noqonuniy ravishda 5 kg oltin olib o‘tayotganda bojxona xodimlari tomonidan ushlandi. Ularga nisbatan tergov harakatlari boshlangan.
AQSh aviatsiya regulyatori 787 Dreamliner samolyotini sinovdan o‘tkazishda hujjatlarni qalbakilashtirish ehtimoli tufayli Boeing kompaniyasiga nisbatan yangi tergov boshladi. Kompaniya qoidabuzarliklarni tasdiqladi, biroq parvozlar xavfsizligiga tahdid yo‘qligini ma’lum qildi.
Stenford universiteti olimlari gaz plitalaridan foydalanish xavfli miqdordagi azot dioksidi chiqarishini aniqladi, bu bolalarda astma, kattalarda esa erta o‘limga olib kelishi mumkin. Kichikroq yashash joylarida ifloslanish darajasi yuqori bo‘ladi.
Vladimir Putinning prezidentlik lavozimiga kirishishi munosabati bilan Rossiya hukumati iste’foga chiqdi. Yaqin kunlarda Putin Davlat dumasiga yangi bosh vazir nomzodini taqdim etadi. Ungacha avvalgi hukumat o‘z vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etadi.
Xitoy raisi Si Szinpin 2019-yildan beri ilk bor Yevropa bo‘ylab turnega chiqdi — u Fransiya, Serbiya va Vengriyaga tashrif buyuradi. Turne Xitoy va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo kelishmovchiliklari va Rossiyaning Ukraina bilan urushi tufayli keskinlashgan munosabatlar davriga to‘g‘ri keldi.
Isroil sharqiy Rafahda jon saqlayotgan o‘n minglab g‘azoliklarni shahardagi ehtimoliy harbiy amaliyotlar fonida gumanitar hududga ko‘chib o‘tishga chaqirdi.
Jo Bayden ma’muriyati AQShda ishlab chiqarilgan o‘q-dorilarni Isroilga yetkazib berishni to‘xtatdi, deb yozmoqda Axios. Bu bir martalik kechikishmi yoki yetkazib berishning vaqtinchalik to‘xtab qolishi — aniq emas. Ta’minotning to‘xtatilishi Isroilda xavotir uyg‘otdi, deya ta’kidladi nashr.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni qidiruvga bergani ma’lum bo‘ldi. Uning qachondan beri qidiruvdaligi va qanday jinoyatda ayblanayotgani noma’lum. Shuningdek, Ukrainaning sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko ham qidiruvga berilgan.
So‘nggi 2 yilda Yevropa kutubxonalaridan rus yozuvchilari, asosan, Pushkinning 170 dan ortiq nodir asarlari o‘g‘irlandi, deb yozmoqda New York Times. Yo‘qolgan kitoblarning umumiy qiymati 2,6 mln dollardan oshadi. Aksariyat hollarda o‘g‘irlangan asarlar yuqori sifatli qalbaki nusxalar bilan almashtirib ketilmoqda.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqni o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan mudofaa paktini tuzishga yaqin turibdi, deb yozmoqda Bloomberg nashri. Bitim Ar-Riyodga Amerikaning ilg‘or qurollaridan foydalanish imkonini beradi va Isroilga G‘azo urushini tugatish uchun rag‘batlar taqdim etadi.
Qirg‘izistondagi tog‘li qishloqda o‘tkazilgan tanlov payti muzqaymoq ortilgan mini yuk mashinasi bir guruh maktab o‘quvchilarini urib yubordi. 29 nafar bola jarohatlandi, yetti nafari — reanimatsiyada. Ma’lumotlarga ko‘ra, furgon haydovchisiz harakatlangan va tormoz tizimi ishdan chiqqan bo‘lishi mumkin.
Sietl sudi dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi bo‘lgan Binance asoschisi Chanpen Chjaoni to‘rt oylik qamoq jazosiga hukm qildi. U AQShning pul yuvishga qarshi qonunlarini buzganlikda aybdor deb topildi.
AQSh Senati 2040-yil oxirigacha Rossiyadan boyitilgan uranni olib kirishni taqiqlashni ma’qulladi. Rossiya hozirda Amerika AESlarida yonilg‘i sifatida ishlatiladigan uranning deyarli to‘rtdan bir qismini yetkazib beradi.
AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi sud hujjatlarida birinchi marta COVID-19`ga qarshi vaksinasining tromboz shakllanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan kam uchrovchi aks ta’sirini tan oldi.
Qozog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayev 2022-yil yanvaridagi norozilik namoyishlarida ayblanib hibsga olindi. U hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganlikda gumonlanmoqda.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, Xitoydagi yirik shaharlarning salkam yarmi yer cho‘kishi tufayli suv toshqini xavfi ostida qolishi mumkin. Bu nafaqat yerosti suvlari sathining pasayishi, balki hududlardagi binolarning og‘irligi bilan ham bog‘liq.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting